GЕRBARIY (lot. herba — o‘t, o‘simlik) - 1) ma’lum maqsadlar (flora, sistematika, geobotanika, geografiyaga oid tadqiqotlar olib borish va b.) uchun maxsus usullar asosida yig‘ib quritilgan o‘simliklar kolleksiyasi tushuniladi. Dunyoda o‘simliklarning 300000 dan ziyod turi saqlanadigan 500 ga yaqin yirik gerbariy bor. Bunday kolleksiyalarning eng kattalari Parij, Praga, London, Jeneva, Vashington, London, Sankt-Peterburg, Moskva, Toshkent, Tomsk, Kiyev kabi shaharlarda to‘plangan. Toshkent (O‘zbekistan FA Botanika instituti va botanika bog‘i) da 1 mln. dan ziyod o‘simlik nusxalari saqlanadi. Umumiy gerbariy (muayyan hudud o‘simliklari kolleksiyasi) va maxsus gerbariy (ovqatga ishlatiladigan, texnik, dorivor va boshqa o‘simliklar kolleksiyasi) bo‘ladi. Yig‘ilgan o‘simliklar tikiladigan yoki yopishtiriladigan qog‘oz 42×30 sm hajmda bo‘lishi lozim. Maxsus qog‘ozlarga tikilib yorliqlari yopishtirilgan o‘simlik nusxalari dunyo bo‘yicha qabul qilingan yagona tizim (Engler tizimi) asosida gerbariylar uchun maxsus tayyorlangan shkaf yoki qutilarda saqlanadi. 2) tayyor kolleksiyalar (Gerbariylar) saqlanadigan va ular ustida ilmiy ishlar olib boriladigan maxsus muassasalar. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.
GERBARIY