ZARHAL ASTRAGAL

ZARHAL ASTRAGAL (Astragalus auratus Gontsch.) Oloy hamda Turkiston tizmalarida o‘sadigan kamyob endemik o‘simlik. Bo‘yi 15 sm ga yetadigan deyarli poyasiz ko‘p yillik o‘t. Iyulda gullab, urug‘ beradi. Farg‘ona viloyati, Oloy tizmasining dengiz sathidan 1600-1800 m balandlikdagi va So‘x, Peshkao‘t daryolarining havzalarida tarqalgan. Tojikistonda va Qirg‘izistonda ham uchraydi. Toshli-quruq qiyaliklarda, ola tuproqli yonbag‘irlarda, toshloqdarda o‘sadi. Yakka-yakka holda uchraydi, ba’zan kichik-kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi. Asosan Shohimardon, So‘x hamda Peshkao‘t daryolari havzalarida ko‘proq saqlanib qolgan. Urug‘idan ko‘payadi. Chorva mollarining ko‘plab boqilishi tufayli o‘simlik maydonlari keskin qisqarib ketgan. Muhofaza qilinmaydi. Manba: O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi. 2016. 

Prev Article

ZARANGDOSHLAR

Next Article

ZARNABDOSHLAR