VIRUSLI KASALLIKLAR

VIRUSLI KASALLIKLAR — viruslar qo‘zg‘atadigan kasalliklar. Virusli kasalliklarga odam, hayvon va o‘simliklarda uchraydigan juda ko‘p yuqumli kasalliklar kiradi. Virusli kasalliklar o‘simlik organizmida chuqur o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Eng xarakterli o‘zgarishlar assimilyatsiya apparatida yuz beradi. Assimilyatsiya mahsulotlari ildiz, ildizmeva, tuganak (ko‘p yillik o‘simlik turlarida qishlovchi organ bo‘lib, odatda, ularda oziq moddalar saqlanadi) va o‘simlikning boshqa qismlariga yetib bormaydi. Umuman, o‘simliklar qator anatomik va morfologik o‘zgarishlarga uchraydi. Natijada o‘simlik rivojlanishi susayadi va umumiy holati yomonlashib, «nasl aynish alomatlari» kuzatiladi. Virusli kasalliklarning deyarli hammasi o‘simlik jinssiz ko‘payganda avlodga osongina o‘tadi. Himoya choralarini qo‘llash uchun virusli kasalliklar belgilarini aniqlash zarur. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.