SHARQ CHINORI (Platanus orientalis L.) chinordoshlar oilasining eng muhim turlaridan biri hisoblanadi. 1753-yilda buyuk botanik olim K.Linney birinchi bor ikkita chinor turini ilmiy tavsiflab bergan. Sharq chinorini o‘sish areali: Kichik Osiyo, O‘rta yer dengizi atrofi, sharqiy Kavkaz, Eron, Аfg‘oniston hududlarini o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda Hisor tog‘larida (To‘polang daryosi havzasi) chinorning tabiiy kichik o‘rmonlarida uchraydi. Sharq chinori soya beruvchi daraxt sifatida shahar va qishloqlarni ko‘kalamzorlashtirishda uzoq o‘tmishdan boshlab keng foydalanib kelingan, mahalliy aholining yog‘ochga bo‘lgan talabini chinorning sifatli uzoq saqlanuvchi yog‘ochi hisobiga qondirilgan. Balandligi 40 m gacha bo‘lib, diametri 3-4 metrgacha o‘sadi. Chinor uzoq umr ko‘radi, respublikamizda 800 – 1000 yoshli daraxtlar mavjud. Manba: Dendrologiya. 2012.
SHARQ CHINORI