OQGULLI SHIRACHI (Eremurus lactiflorus O.Fedtsch) G‘arbiy Tyan-Shan va Nurotadagi kamayib borayotgan, endemik o‘simlik. Bo‘yi 45-100 sm oralig‘idagi ko‘p yillik o‘t. May-iyunda gullab, mevasi iyun-iyul oylarida yetiladi. Toshkent, Jizzax va Navoiy viloyatlari, Korjantov, Ugom, Piskom, Chotqol, Kurama va Nurota tizmalarida tarqalgan. Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham o‘sadi. Tog‘ning o‘rta qismidagi toshli va shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi. Soni. Kichik to‘plar va yakka-yakka holda tarqalgan. Toshkent viloyatida olib borilgan tadqiqotlar davomida 40000-50000 tupi aniqlangan. Nurota tog‘ tizmasida taxminan 100 ta tup ikki joyda o‘sishi aniqlangan. Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi. Aholi tomonidan terib olinishi, yangi yerlarni o‘zlashtirish va chorva mollari ta’sirida kamayib bormoqda. O‘zR FA Botanika bog‘ida ekiladi. Chotqol va Nurota qo‘riqxonalarida, Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Tabiatdagi mavjud tuplari nazorat ostiga olinishi lozim. Manba: O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi. 2016.
OQGULLI SHIRACHI