MAYDA MЕVALI DORЕMA (Dorema microcarpum Korovin) G‘arbiy Tyan-Shan va Shimoliy Pomir-Oloyda o‘suvchi o‘ta kamyob endemik o‘simlik. Bo‘yi 1-2 m gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. May oyida gullab, iyunda meva beradi. Namangan va Farg‘ona viloyatlari, G‘arbiy Tyan-Shanda - Chotqol tizmasida (Qo‘qonbiy va Tergachi qishloqlari), Oloy tizmasi (Shohimardon)da tarqalgan. Qirg‘izistonda ham uchraydi. Tog‘ etaklaridagi soz tuproqli va shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi. Kichik-kichik maydonlarda yakka-yakka holda uchraydi. Urug‘idan ko‘payadi. O‘simlikning kamayishiga yerlarning qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun o‘zlashtirilishi va chorva mollarining boqilishi sabab bo‘lmoqda. O‘zR FA Botanika bog‘ida 1961 yildai boshlab muvaffaqiyatli ravishda o‘stirib kelinmoqda. Muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manba: O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi. 2016.
MAYDA MЕVALI DORЕMA