GRAB (Carpinus) turkumiga po‘stlog‘i silliq, kulrang tusli, shox-shabbasi silliq, serbarg, kurtaklari o‘tkir uchli daraxtlar kiradi. Mevasi bir uyali, bir urug‘li, yong‘oqchadan iborat bo‘lib, bir tomonga egik, bo‘yiga chiziqli. Yong‘oqchasi bargsimon o‘ramaning tubida joylashadi. Kuzda mevasi to‘kiladi yoki daraxtda qish bo‘yi saqlanadi. Urug‘ida endosperma yo‘q. Bular sekin o‘sadigan daraxt. O‘q va yon ildizlar chiqaradi, ildizi yerga chuqur kirib boradi. To‘nkasidan ko‘karadi. Ildizidan bachkilaydi va parxish yo‘li bilan ham ko‘payadi. Yog‘ochi og‘ir, qattiq, oq-qo‘ng‘ir yoki sarg‘ish rangda, undan turli yog‘och asboblar tayyorlanadi. Turkumning 20 ta turi bo‘lib, ular mo‘tadil iqlimli zonaning shimoliy hududlarida tarqalgan. MDH da 4 ta turi uchraydi. Ulardan eng ko‘p tarqalganlari oddiy grab (Carpinus betulus L.), Sharq grabi (Carpinus orientalis Mill.), Kavkaz grabi (Carpinus caucasica Gross.) kabi turlari hisoblanadi. Manba: Dendrologiya. 2012.
GRAB