GЕNOTIP (gen va yun. typos - iz, shakl) muayyan organizm xromosomalari va sitoplazmasidagi barcha genlar majmui. «Genotip» terminini fanga daniyalik biolog V. Yogansen kiritgan (1909). Genotip keng ma’noda organizm xromosomalaridagi, shuningdek xromosomalardan tashqari (sitoplazma va plastida)dagi genlarni ham qamrab oladi. Genotip o‘zaro ta’sir ko‘rsatadigan genlarning yagona sistemasi hisoblanadi va undagi har bir genning funksional faoliyati genetik muhitga bog‘liq. Genotip organizm muhiti bilan o‘zaro ta’sirga kirishib, belgining fenotipik namoyon bo‘lishini ta’minlaydi. Bu belgining fenotipik namoyon bo‘lishiga gendan tashqari tashqi muhit omillari, jumladan quyosh nuri ham ta’sir ko‘rsatadi. Yoritilganlik darajasiga qarab bir xil Genotipli (Rp Rp) o‘simliklarda belgining fenotipik namoyon bo‘lish darajasi turlicha bo‘lishi mumkin. Demak, genotip organizm reaksiya normalari irsiylanishini belgilaydi. Genotip tor ma’noda faqatgina organizmdagi ma’lum bir belgi rivojlanishini nazorat qiluvchi genlar guruhini yoxud ayrim genlarni bildiradi. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.
English
Русский
Deutsch
Prev Article