FЕDCHЕNKO OQSITROPISI (Oxytropis fedtschenkoana Vassilcz.) G‘arbiy Tyan-Shanda kam tarqalgan endemik tur. Ko‘p yillik, qisqa o‘q ildizli, poyasiz, yumshoq chimli, qalin tuklar bilan qoplangan o‘simlik. Iyun oyida gullab, mevasi iyulda yetiladi. Toshkent viloyati, Chotqol va Qo‘rama tizmalarining G‘arbiy qismlarida tarqalgan. Tog‘larning quruq shag‘alli toshli yonbag‘irlarida va mayda toshli yarim mustahkamlashgan surilmalardan tog‘larning yuqori mintaqasida o‘sadi. Bu turning bir-biridan alohida joylashgan 6 ta populyatsiyasi ma’lum. Lekin ularning soni va maydoni uncha katta emas, ya’ni, 100 m2 maydonga 1-2 tupi to‘g‘ri keladi, umumiy soni taxminan 4,5-5 ming atrofida. Urug‘idan ko‘payadi. Muntazam ravishda chorva mollari boqiladigan yerlarda o‘sadi. Yovvoyi hayvonlar ham iste’mol qiladi. Madaniylashtirilishi haqida malumotlar yo‘q. Ugom-Chotqol biosfera rezervatida o‘sadi. Manba: O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi. 2016.
FEDCHЕNKO OQSITROPISI