FЕDCHЕNKO LЕPIDOLOFASI (Lepidolopha fedtschenkoana Knorring) G‘arbiy Hisor va Ko‘hitang tizmalaridagi kamyob endemik o‘simlik. Bo‘yi 50 sm gacha yetadigan ko‘p poyali yarim buta. Iyun-iyul oylarida gullab, mevasi iyul-avgustda yetiladi. Surxondaryo viloyati, Hisor tizmasi, Surxondaryo havzasi (Tokchiyon), Ko‘hitang tizmasi (Tangidevor qishlog‘i atrofi, Taramxo bulog‘i atrofi va Bog‘lidara)da tarqalgan. Turkmanistonda ham uchraydi. Tog‘larning o‘rta qismidagi qoya yoriqlarida, toshli yonbag‘irlarda o‘sadi. Tabiatda yakka holda va to‘p-to‘p bo‘lib tarqalgan, 100 m³ maydonga 15-20 ta o‘simlik to‘g‘ri keladi. Umumiy soni aniqlanmagan. Urug‘idan ko‘payadi. O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. O‘simlik tarqalgan joylarda chorva mollari ko‘plab boqiladi. 1971 yildan buyon O‘zR FA Botanika bog‘ida ekib o‘stirilmoqda. Madaniy sharoitda u faqat 3-4 yil o‘sadi. Surxon qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manba: O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi. 2016.
FEDCHЕNKO LЕPIDOLOFASI