BARG PARVONASI (Recurvaria nanella) kapalaklar turkumi, barg o‘rovchilar oilasiga mansub hasharot. Barg parvonasi asosan olma, qisman nok, bodom, o‘rik va olxo‘ri kabi daraxtlarga katta ziyon keltiradi. Qishlab chiqqan qurtlar may oyida barglarni yopishtirib yasagan uyasida yoki po‘stloq ostida oq, zich pilla o‘rab g‘umbakka aylanadi. May-iyunda kapalaklar uchib chiqib, barglarning ostki tomoniga barg tomirlari atrofiga 100 dan ortiq tuxum qo‘yadi. Yiliga bitta nasli rivojlanadi. Kurash choralari: daraxt tanasini qurigan va ko‘chgan po‘stloqlardan tozalab, to‘plangan po‘stloqlar yoqib yuboriladi, kurtak bo‘rta boshlaganda nitrafen, 60% h. k. (40-60 kg/ga) purkaladi; do‘lana, olma va nok gullashidan oldin benzofosfat, karate, karbofos, mitak yoki boshqa preparatlardan biri purkaladi. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.
BARG PARVONASI