ASALSHIRALI O‘SIMLIKLAR, nektarli o‘simliklar — asalari nektar va gulchangi yig‘ib oladigan yopiq urug‘li o‘simliklar, asalarilarning asosiy oziq bazasi. Nektarni gultoji yoki gulkosa barglar, tuguncha devori yoki gul o‘rnida joylashgan maxsus nektar bezlari ishlab chiqaradi. Ayrim o‘simliklarda bunday bezlar barg bandi yoki gulyon barglarida, hatto poyada ham joylashgan. Nektar miqdori o‘simlik turiga bog‘liq. Macalan, bitta gul ishlab chikaradigan nektar miqdori Coryanthe turkumiga mansub tropik o‘simlik — arxideyada 30 g gacha, jo‘kada — 0,15 — 7,46 mg, qashqarbedada — 0,16 mg ga teng. Asalshirali o‘simliklar gulidan yig‘ilgan nektar va gul changini asalarilar va asalarisimonlar oilasiga mansub boshqa hasharotlar asalga va pergaga aylantiradi. Ayrim o‘simliklar nektar bilan birga qatronga o‘xshash modda ham ajratadi. Arilar bu moddadan propolis (asalari yelimi) ishlab chiqaradi. Nektar ishlab chiqarish va hasharotlarning nektar yig‘ishi asalshirali o‘simliklarning gullagan vaqtiga to‘g‘ri keladi. Nektar ishlab chiqarishning boshlanishi va uning miqdori iqlim, tuproq va ob-havo sharoitiga bog‘liq. O‘zbekiston sharoitida qishloq va o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi yer maydonlarida asalshirali o‘simliklarning yuzlab turi o‘sadi, ular orasida ko‘p miqdorda nektar ajratib amaliy ahamiyatga ega bo‘lganlari bir necha o‘n turdan iborat. 1 ga maydonda hosil qiladigan nektar miqdori bo‘yicha quyidagi o‘simliklar amaliy ahamiyatga ega: jo‘ka va dala zarangi — 1000 kg, ingichka bargli zarang — 200 kg gacha, tol — 150 kg gacha, sariq akatsiya — 350 kg ga yaqin, mevali daraxtlar (olma, nok, olxo‘ri, olcha, gilos) — 20 — 30 kg, rezavor mevalardan smorodina — 60 kg, malina – 200 kg nektar ishlab chiqaradi. O‘zbekiston sharoitida erta bahordan kech kuzgacha asal yig‘ish uchun asalarilar bahorda efimer o‘simliklar o‘sadigan dashtga, bahorning oxiri va yoz oylarida tog‘ oldi va tog‘ zonalaridagi ekinzorlarga ko‘chiriladi. Manba: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2000.
English
Русский
Deutsch
Prev Article