ANJIR (Ficus L.) turkumiga kiruvchi 600 ta turdan eng qimmatlisi oddiy anjir (Ficus carica L.) hisoblanadi. Anjir daraxti 3 kattalikdagi daraxt bo‘lib, yirik bargli, asosan, tropik va subtropik zonalarda keng tarqalgan. Tabiiy sharoitlarda 3-4 metrgacha, madaniy sharoitlarda 10-12 metrgacha o‘suvchi daraxt. Mevalari shirin qand moddasiga boy, rezavor va quritilgan holda istemol qilinadi. Anjir yovvoyi holda O‘zbekiston janubida, Kopettog‘da, Eron va Afg‘oniston tog‘larida uchraydi. Hozirgi paytda anjirning ko‘plab madaniy navlari yaratilgan. Sovuqqa chidamsiz, qattiq sovuqli (-200) qishlarda o‘simliklarning yer usti shoxlari zararlanib, qurib qoladi. Shu sababli bog‘larda o‘suvchi anjir daraxtlarini qishga ko‘mib, o‘rab qo‘yish tavsiya etiladi. Anjirni ko‘paytirishning eng oson usuli qalamchalaridan ildiz oldirishdir. Buning uchun noyabr-dekabr oylarida qalamchalar ona daraxtdan tayyorlanadi va qishga quruq transheyalarga ko‘mib qo‘yiladi. Ko‘chatlar bir yilda doimiy joyiga o‘tkazish uchun tayyor bo‘ladi. Manba: Dendrologiya. 2012.
ANJIR