ASSOTSIATSIYA 2

ASSOTSIATSIYA (biol. da) — tuzilishi va turlar tarkibi bir xil, turlarining tashqi muhit va bir-biri bilan munosabatlari o‘xshash bo‘lgan fitotsenozlar majmui. Assotsiatsiya o‘simliklar tasnifining asosiy birligidir. U muayyan muhit sharoiti — iqlim, tuproq va hayvonlar tarkibi bilan bog‘liq. Bitta assotsiatsiyaga mansub o‘simliklarning rivojlanish muddatlari va yashash sharoiti o‘xshash bo‘ladi. Tashqi muhit sharoiti va flora tarkibi o‘zgarishi bilan assotsiatsiya ham o‘zgaradi. Mac, Yevropaning hozirgi keng bargli o‘rmonlari uchlamchi davrdagi ninabargli o‘rmonlar o‘rniga paydo bo‘lgan. O‘z navbatida bu o‘rmonlar o‘rnida kelajakda boshqa o‘simliklar assotsiatsiyasi vujudga kelishi mumkin. Har bir assotsiatsiya o‘z arealiga ega. Relyef, gidrolik rejim va tuproq sharoitining o‘zgarishi, antropogen omillarning bevosita (yerlarning o‘zlashtirilishi, gidrotexnik inshootlar qurilishi) yoki bilvosita (mol boqilishi) ta’sirida assotsiatsiya tubdan o‘zgarishi mumkin. Turli assotsiatsiyaning nomi ular tarkibida eng ko‘p uchraydigan bitta yoki bir nechta o‘simlik orqali ifodalanadi. Assotsiatsiyani baholashda dominant o‘simlikning xususiyatlari hisobga olinadi. Manba: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2000.

Prev Article

ASSOTSIATSIYA

Next Article

ASTRAGAL