ARAUKARIYADOSHLAR (Araucariaceae) — ochiqurug‘li o‘simliklarga mansub baland bo‘yli daraxtlar oilasi. Ikki turkumi (Agathis, Araucaria) va 40 ga yaqin turi bor. Asosan, Jan. Amerika, Jan.-sharqiy Osiyo, Malakka va Filippin orollarida tarqalgan. Novdalari doira shaklida joylashgan bo‘lib, ignabarglari yassi, mevasi yirik qubba, urug‘i xomligicha yoki qovurilib yoki quritilgan holda un qilib ham iste’mol qilinadi. Yog‘ochidan qurilishda foydalaniladi. Ba’zi turlari xushmanzara daraxt sifatida ekiladi. O‘zbekiston hududida araukariyadoshlarning changi, yog‘ochi va shoxchalarining izi qazilma holda topilgan. Xususan ular Farg‘ona vodiysining janubiy hududlari va Qurama tog‘larida uchraydi. Manba: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2000.
English
Русский
Deutsch
Prev Article