ALP MINTAQASI

ALP MINTAQASI — tog‘lardagi tabiiy balandlik mintaqasi, asosan mo‘tadil va subtropik kengliklarda, aksari tog‘-o‘tloq landshaft tipidan iborat. Subalp mintaqasidan yuqorida joylashgan tog‘larning balandroq qismida Alp mintaqasi bilan almashinadi. Alp mintaqasining balandlik holati geografik kenglik, namlik darajasi va yonbag‘irlarining ekspozitsiyasi bilan bog‘liq. Alp tog‘lari va G‘arbiy Kavkazda Alp mintaqasi 2000 m dan 3000 m gacha, Himolay tog‘larining janubiy yonbag‘irlarida 3600 m dan 5000 m gacha oraliqdagi balandliklarni egallagan. Mo‘tadil va subtropik kengliklardagi tog‘larning seryog‘in yon bag‘irlarida aniq namoyon bo‘lgan; yuqoriroq kengliklarda tog‘-tundra mintaqasi, quyiroq kengliklarda esa baland tog‘-dasht va cho‘l mintaqasi; ekvatorial kengliklarda o‘tloqlar (paramos) mintaqasi bilan almashinadi. Relefning tog‘-muzlik shakllari keng tarqalgan. Iqlimi sovuq, qor qoplami qalin (6—10 oy saqlanadi), vegetatsiya davri qisqa, qattiq shamollar bo‘lib turadi. Alp o‘simliklari (butazor va o‘tloqlar) keng tarqalgan. Xo‘jalikda asosan yozda yaylovlar sifatida foydalaniladi. Hayvonot dunyosi quyi mintaqalarga tez ko‘chib o‘ta oladigan turlar (alqor, serka, yovvoyi echki va b.) yoki qishki uyquga ketadigan kemiruvchilardan iborat. Manba: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2000.

Prev Article

ALOE

Next Article

ALP O'SIMLIKLARI