AKATSIYA SOXTA QALQONDORI (Parthenolecanium corni Borchs) - akatsiyadan tashqari juda ko‘p tur mevali va ihota daraxtlarda, butalarda va bir yillik o‘simliklarda uchraydi. Bu yumshoq qobiqli hasharot daraxtning o‘sishiga xalaqit berishi va hatto shoxlarni quritib yuborishi mumkin. Akatsiya soxta qalqondori butun dunyo bo‘ylab uzumchilikda muhim zararkunanda hisoblanadi. Akatsiya soxta qalqondorining ikki yoshdagi lichinkalari daraxtlarning turli pana joylarida (po‘stlog‘ining ost tomoni, po‘stloq yoriqlari, novda ayrilgan joylar va yerga yaqin yig‘ilib) qishlab chiqadilar. Odatda ularning yarmidan ko‘pi qish mobaynida o‘lib ketadi. Bahorda (mart-aprel) kun yetarlicha isishi bilan lichinkalar qo‘zg‘alib, yosh novdalarga ko‘chib o‘tib rivojlana boshlaydi. Aprelda lichinkalar yana bir po‘st tashlab, yetuk urg‘ochi zotga aylanadi va 15-18 kundan keyin voyaga yetib tuxum qo‘yishga kirishadi. Tuxumni o‘zining qalqoni tagiga qo‘yadi. 15-20 kundan keyin tuxumlardan lichinkalar ochib chiqa boshlaydi. Bu paytda (ayniqsa issiq havo va past namlik sharoitida) ko‘plab lichinkalar qirilib ketadi. Qolganlari ona qalqonining chetidan tashqariga chiqib daraxt bo‘ylab tarqaladi va asosan barglarni ishg‘ol qiladi. Manba: O‘rmon entomologiyasi. 2022.
AKATSIYA SOXTA QALQONDORI