ANANAS (Ananas Mill.) — ananasdoshlar (Bromeliaceae) oilasiga mansub o‘tlar turkumi (urug‘i). 5 — 6 turi ma’lum. Asosan, Amerika qit’asining tropik hududlarida va Osiyoning Filippin, Tayvan orollarida o‘sadi. Barglari qalin, uzun, xanjarsimon. Ekiladigan ananas (A. Sativus) Amerika va Tayvandan boshqa joylarda ham o‘sadi. Bu turning mevasi qubba shaklidagi to‘p mevadan iborat, og‘irligi 2 — 5 kg, tusi sarg‘ish, xushxo‘r. Ho‘l meva yoki konserva holida iste’mol qilinadi. Ba’zi turlarining barglaridan ipaksimon noziq tolalar ham olinadi. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.
ANANAS