Oʻrmonchilikka oid atamalarning illyustrativ elektron lugʻati

Ma'lumotlar

O‘zbekiston hududida qariyb 70 dan ortiq O‘rmon xo‘jaliklari tashkil etilgan bo‘lib, ular turli xil daraxtlar, butalar, daraxtsimon o‘simliklar, o‘rmon o‘t-o‘simliklari va o‘rmon dorivor o‘simliklarini o‘z bag‘riga oladi. Maʼlumki, qadim zamonlardan beri insonlarning daraxtlarga, o‘rmonlarga va umuman tabiatga bo‘lgan qarashlari, turmush tarzi, atrof-muhitga bo‘lgan munosabati bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Bir so‘z bilan aytganda, o‘rmon fondi va muhofaza etiladigan tabiiy resurslarni samarali boshqarishni tashkil etish, o‘rmonlar barpo etish, ularni qayta tiklash, qo‘riqlash, muhofaza qilish, o‘rmonlardan oqilona va tejamli foydalanishda insonning ham o‘rni o‘zgachadir. O‘rmonlarni tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish tog‘ yonbag‘irlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlari bajarilishini tashkil qilish, o‘rmon fondini, o‘rmon fauna va florasini o‘rganish, ularning qatʼiy hisobini yuritish, o‘rmon xo‘jaligini yuritish amaliyotidagi yutuqlar hisoblanadi.

Tabiatning katta qismi bo‘lgan o‘simliklarning baʼzi turlari o’rmon xo’jaligida oziq – ovqat ahamiyatiga ega bo‘lib, ularga grek yong‘og‘i, bodom, xandon pista, sibir kedri, o‘rmon yong‘og‘i, pekan, isteʼmolbop kashtan va boshqalar kiradi. Ko‘pgina daraxt va butalar dorivor o‘simliklar sifatida muhim ahamiyatga ega, ularning barglari, gullari, mevalari, tana po‘stlog‘i va ildizlari biologik faol moddalar va vitaminlarga boydir. Ko‘kalamzorlashtirishda daraxtlarning chiroyli, baland bo‘yli, sersoya shox – shabbalari betakror shakldagi barglari, gullari shahardagi parklar, alleyalar, bulvarlar, sayilgohlarga o‘zgacha chiroy beradi, yuqori estetik landshaftlarni yuzaga keltiradi. Ko‘pgina daraxt turlari havoga uchuvchi kasallik keltiruvchi bakteriyalarga qiron keltiradi. Bunday ko‘kalamzorlashtirishda keng qo‘llaniladigan daraxt – butalarga soxta kashtan, chinor, eman, sofora, terak, shamshod, qrim va eldor qarag‘ayi, tyan-shan, kanada va tikonli qoraqarag‘ay, forzitsiya, bagryannik, bunduk, virgin va boshqalar kiradi. Ularni asrash bizning oliy burchimizdir.

Dastur funktsionalligi jihatidan foydalanuvchiga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi. O‘zbek, ingliz, rus va nemis tillarida o‘rmonchilikka oid atamalarning to‘planib qolishini oldini oladi. Ko‘p sonli soha mutaxassislari va foydalanuvchilarning til o‘rganish imkoniyatlarini osonlashtiradi. Elektron lug‘at va mobil ilovaning illyustrativ shaklda ko‘rinishi o‘simliklarning turlarini bir-biridan vizual farqlashga yordam beradi. Lug‘atdan o‘zbek foydalanuvchilaridan tashqari, ingliz, nemis va rusiyzabon xalqlarning soha terminologiyasiga bo‘lgan talabi maʼlum darajada qondiriladi. O‘rmon xo‘jaligining global xususiyatini hisobga olgan holda, ushbu web-sayt o‘rmon xo‘jaligi loyihalari ustida ishlovchi xalqaro guruhlar o‘rtasida yaxshi aloqa o‘rnatishga yordam beradi, masalan, o‘rmonlarni boshqarish, muhofaza qilish bo‘yicha harakatlar yoki ekologik tadqiqotlarning terminologiyaga mos kelishini ta’minlaydi.