YOG‘OCHSOZLIK SANOATI — o‘rmon sanoatining yog‘ochga mexanik va kimyoviy mexanik ishlov berish, qayta ishlash hamda xom ashyo sifatida o‘z ehtiyojlari uchun turli yog‘ochlardan foydalanadigan tarmog‘i. Yog‘ochsozlik sanoati mahsulotlariga arralangan yog‘och, shpal, faner, yog‘och to‘sinlar, qurilishda ishlatiladigan yog‘och detallar, mebel, yog‘och qipiqlaridan va tolalaridan plitalar, parket, eshik, rom, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, kemasozlik, vagon qurilishi, qishloq xo‘jalik mashinalari uchun xomaki va tayyor detallar, qishloq xo‘jalik mahsulotlari uchun qutilar, to‘qimachilik sanoatiga g‘altaklar, turli moslamalar, poyabzal qoliplar, asbob-uskunalar va ularga g‘iloflar, chang‘i, sport anjomlari, gugurt va boshqalar kiradi. O‘zbekistonda yog‘ochsozlik, yog‘ochdan turli anjomlar yasash qadimdan hunarmandlikning rivojlangan turi tarzida yog‘ochsozlik yoki duradgorlik (yog‘ochni qirqish, tilish, yo‘nish, randalash, parmalash), uysozlik, asbobsozlik, aravasozlik, egarsozlik, sandiqsozlik, beshiksozlik, panjarasozlik, o‘ymakorlik singari juda ko‘p tarmoqlardan iborat bo‘lgan. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.
English
Русский
Deutsch
Prev Article