YOG'OCH MATЕRIALLAR

YOG‘OCH MATЕRIALLAR — tabiiy yog‘ochdan tayyorlanadigan taxta, xari, xoda va b.; tabiiy yog‘ochga bog‘lovchi moddalar (sintetik smolalar) shimdirib va yuqori bosim ostida ishlov berib, yelimlab olinadigan qurilish, mebelsozlik, kemasozlik materiallari. Tayyorlanish usuliga ko‘ra tilingan va tilinmagan, presslangan, modda shimdirilgan, qatlam-qatlam qilib yelimlab yopishtirilgan yog‘ochlarga, yog‘och plastika va plitalarga bo‘linadi. Tabiiy yog‘och materiallarga xari, xoda, g‘o‘la, yo‘nilgan, yorilgan materiallar, tilingan (taxta), payraha, faner, qipiq va boshqa materiallar kiradi. Tabiiy yog‘och materiallar daraxt tanasidan olinadi. Daraxt tanasi o‘zak, yog‘ochlik, tola va po‘stloqdan iborat. Ayrim daraxtlarning faqat po‘stloq va o‘zak qismi ishlatiladi. O‘zbekistonda yog‘och materiallar tol, yong‘oq, tut, archa, terak, qayrag‘ochdan tayyorlanadi. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi».  2000.

Prev Article

YOG'OCH MASSASI

Next Article

YOG'OCH QURTLARI