VEYMUTOV QARAG'AYI

VЕYMUTOV QARAG‘AYI (Pinus  strobus L.) bo‘yi 35-50 m, diametri 1,5 m keladigan keng va piramida shaklidagi shox-shabbali yirik daraxt. Qarag‘ay unumdor yerda, jumladan, qumoq va qora tuproqli yerlarda yaxshi o‘sadi. Ildizi nihoyatda baquvvat. Bu qarag‘ay o‘rta mintaqa o‘simligidir. U qattiq sovuqqa, qor qoplamiga chidamli va deyarli soyasevar, qurg‘oqchilikka chidamsiz. Veymutov qarag‘ayi Shimoliy Amerikaning tog‘lik hududlarida dengiz sathidan 300-1600 m balandliklarda o‘sadi. Veymutov qarag‘ayi Yevropaga 1700 yilda introduksiya qilingan, Rossiyaga esa XVIII asrning boshlarida keltirilgan. MDH ning o‘rmon-dasht va dasht zonalarida yaxshi o‘sadi. U jumladan, Belorussiya, Ukraina, Moldaviya respublikalarida ko‘p ekiladi. Qarag‘ayning eng katta kamchiliklaridan biri uning zang zamburug‘i bilan kasallanishidir. Bu kasallik qoraqat va krijovnik butalari orqali tarqaladi. Shuning uchun Veymutov qarag‘ayi ekiladigan joylarda qoraqat va krijovnik ekilmasligi kerak. O‘zbekistonning tog‘li hududlardagi o‘rmon xo‘jaligida katta ahamiyatga ega. Manba: Dendrologiya. 2012.