VALЕRIANA (Valeriana L.) ning 200 ga yaqin turi Shimoliy yarim sharning mu’tadil va sovuq iqlimli hududlarida, Janubiy Amerikada, 1 turi Kilimanjaro tog‘larida tarqalgan. Andda ayniqsa xilma-xil turlari uchraydi. Hamma yerda nam joylardan tortib tog‘u-toshlar, hatto alp yaylovlari mintaqalarida o‘sadi. Dorivor valeriana (V. officinalis L.) o‘t o‘simlik, dorivor o‘simlik sifatida ekiladi. Dorivor valeriananing ildizi va ildizpoyasidan tibbiyotda foydalaniladi. Undan nerv sistemasiga ta’sir qiluvchi, yurak urishini tartibga soluvchi valerian tomchisi olinadi. Olitoriya Valerianasi barglari sho‘raki (salat) sifatida iste’mol qilinadi. O‘zbekistonda tog‘lik mintaqalarda asorun (V. ficarifolia Boiss.) tarqalgan. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.
VALЕRIANA