ULUG‘VOR KO‘ZAGUL (Ostrowskia magnifica Regel) Markaziy Osiyoning kamyob, relikt o‘simligi. Bo‘yi 170 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. May-iyun oylarida gullab, mevasi iyun-iyulda yetiladi. Surxondaryo viloyati, Hisor tizmasi (To‘palang va Shargun daryolarining havzalari) da tarqalgan. Tojikistonda, Qozog‘istonda va Shimoliy Afg‘onistonda ham uchraydi. Tog‘larning o‘rta qismidagi yirik toshli surilmalarda, qoyalarning soyalarida hamda zarangzorlarning chekkalarida o‘sadi. Tabiatda to‘p-to‘p (50 tup atrofida) bo‘lib tarqalgan. Umumiy soni 30 000 tupdan oshmaydi. Urug‘idan ko‘payadi. Gullari va ildizlarining yig‘ib olinishi hamda urug‘ mahsuldorligining pastligi natijasida kamayib bormoqda. Markaziy Osiyo respublikalari va chet el botanika bog‘larida muvaffaqiyatli o‘stirilmoqda. Urug‘idan ekilganda 4-5-yili gullaydi. Muhofaza qilinmaydi. Manba: O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi. 2016.
ULUG'VOR KO'ZAGUL