TURKISTON DO'LANASI

TURKISTON DO‘LANASI (QIZIL DO‘LANA) (Crataegus turkestanica Pojark.). Bu do‘lana turining areali Tyan-Shan, Pomir-Oloy, Kopettog‘ni o‘z ichiga oladi. U asosan toshloq tog‘ yonbag‘irlarida, daralar tubida, dengiz sathidan 2000 metrgacha bo‘lgan balandliklarda tabiiy o‘sadi. Tabiatda 8 metrgacha balandlikka ega daraxt. Tana po‘stlog‘i va novdalari to‘q kulrangda. Aprelda gullaydi. Birinchi gullash 5-8 yoshli yosh daraxtlarda kuzatiladi. Gullari yarim zontiksimon oq rangda, mevasi oktabr oyida yetiladi. Birinchi yillari sekin o‘sadi, 8-9 yoshlarida bor yo‘g‘i bir metrga o‘sadi. Maksimal balandlikka 30-60 yoshida yetadi. Ildiz tizimi tarvaqaylagan, gorizontal ildizlari ona daraxtdan 8-10 metr masofagacha o‘sadi. Do‘lananing bu xususiyati tog‘ o‘rmon melioratsiyasida eroziyaga uchragan va yuvilishga moyil tog‘ yonbag‘irlarini mustahkamlashda qadrlanadi va ko‘plab ekiladi.