SARXUSH BOZULBANG

SARXUSH BOZULBANG (Lagochilus inebrians Bunge) G‘arbiy Pomir-Oloy va Janubiy Qizilqumning qoldiq tog‘laridagi kamayib borayotgan endemik o‘simlik. Bo‘yi 30-60 sm oralig‘idagi poyalari oddiy yoki sershox yarim buta. Iyun-avgustda gullab, mevasi iyul-sentabr oylarida yetiladi. Jizzax, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari, Nurota tog‘i etaklari, Zirabuloq, Ziyovuddin tog‘i, Zarafshon hamda Turkiston tizmalari, shuningdek, Qizilqumdagi Quljuqtog‘, Ko‘kchatog‘ va Tomditog‘da tarqalgan. Dengiz sathidan 1200 m gacha balandlikdagi soz hamda shag‘alli soz tuproqlarda shuvoq va boshqa turlardan hosil bo‘lgan o‘simlik guruhlarida uchraydi. Tabiatda onda-sonda va kichik tuplar hosil qilib tarqalgan. Eng zich tuplari Nurota va Oqtog‘larda uchraydi. Urug‘idan ko‘payadi. Urug‘i 5-7 yil mobaynida unuvchanligini yo‘qotmaydi. Namgarchilikning yetishmasligi, chorva mollari tomonidan payhon qilinishi va ko‘p yillar mobaynida katta miqdorlarda yig‘ib olinishi soni va arealiga katta zarar yetkazgan. 1957-1960 yillar mobaynida Samarqand viloyatida 2 ga yerda ekib o‘stirilgan. 1960 yildan buyon O‘zR FA Botanika bog‘ida ekilib kelinadi. Nurota qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Uni yig‘ib olishni qat’iy cheklash, tabiiy holda tiklanishiga ko‘maklashish zarur. Manba: O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi. 2016.

Prev Article

SARVIDOSHLAR

Next Article

SAUR ARCHA