QORA JUZG'UN

QORA JUZG‘UN (Calligonum aphyllum (Pall.) Curk.) Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda keng tarqalgan. Janubda Qoraqum va Qizilqumda, sharqda Farg‘ona vodiysida o‘sadi. Qumli cho‘llar sharoitida qumlarni to‘xtatish uchun, hamda dalalarni himoya qilishda o‘rmon ihotalari sifatida foydalaniladigan qimmatli butadir. Balandligi 3 m ga yetadigan buta, barglari erta to‘kilganligi sababli bu turni bargsiz deb atashadi. Gullari pushtirang, mayda, xushbo‘y. Mevalari iyun-iyul oylarida pishib yetiladi. Mevalari shamol yordamida qum cho‘llarida tarqalib, tuproqda namlikning yetishmasligiga qaramasdan unib chiqadi. Ildizi 15 m chuqurlikgacha yetadi. Tanasi va ildizining yog‘ochi o‘tin sifatida ishlatiladi. Butalar yolg‘iz holda o‘sadi yoki siyrak bo‘lgan butazorlarni tashkil etadi. Manba: Флора Узбекистана. 1962.