O'RMON XO'JALIGI

O‘RMON XO‘JALIGI - ijtimoiy ishlab chiqarish tarmog‘i. O‘rmonni o‘rganish, o‘stirish va qayta tiklash, hisobga olish ishlarini amalga oshiradi, o‘rmonni yong‘indan, zararkunanda va kasalliklardan muhofaza qiladi, xalq xo‘jaligining yog‘och va boshqa o‘rmon mahsulotlariga bo‘lgan talablarini qondirish maqsadida o‘rmon resurslaridan foydalanishni tartibga soladi. O‘rmon xo‘jaligi korxonalarining asosiy vazifalari o‘rmonlarning umumiy ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda respublika o‘rmon resurslarini qayta tiklash, qo‘riqlash, xalq xo‘jaligi uchun o‘rmon mahsulotlari va dorivor o‘simliklar yetishtirish va tayyorlash, shuningdek, lalmikor yerlarda sun’iy o‘rmonzorlar yaratish, sug‘oriladigan maydonlarda ihota o‘rmonlari tashkil etish, tog‘lardagi tabiiy archa, pista, bodom, yong‘oqzorlarni qayta tiklash, ularning hosildorligini oshirish va boshqalar. Respublikada O‘rmon xo‘jaligi sohasi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi amalga oshiradi. Respublika O‘rmon xo‘jaligi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislari Toshkent davlat agrar universitetining O‘rmon xo‘jaligi va landshaft dizayn fakultetida, Toshkent o‘rmonmelioratsiya kollejida tayyorlanadi.