O'RMON RЕSURSLARI

O‘RMON RЕSURSLARI — tabiat resurslarining eng muhim turlaridan biri; mamlakat hududidagi o‘rmon (yog‘och) zaxiralari, yemxashak, ovchilik resurslari, yovvoyi o‘simliklarning mevalari, dorivor o‘simliklar va boshqalarni o‘z ichiga oladi. 20-asrning 80-yillaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, yer sharida quruqlikning 30% ni o‘rmonlar tashkil etadi. Jahon bo‘yicha umumiy o‘rmon yerlari maydoni 4 mlrd. ga, shundan yalpi o‘rmonzorlar 3 mlrd. ga; jami yog‘och zaxirasi 356,7 mlrd. m3, har yili tayyorlanadigan yog‘och miqdori 3 mlrd. m3 dan ko‘proq. O‘rmonlarda yog‘ochlarning yillik o‘sishi 3,2 mlrd. m3 ni tashkil etadi. Manba: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2000.