KAYIMOV ABDIXALIL qishloq xоʼjaligi fanlari doktori, professor, Oʻrmonchilik sohasi va fanining yetakchi olimi, uning ilmiy asarlari nafaqat Oʻzbekiston miqyosida, balki hamdoʻstlik va uzoq xorijiy davlatlarda ham maʼlumdir. A.Kayimov 1947-yilning 10-yanvarida Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida tavallud topgan. 1969-yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi institutini Oʻrmon xoʻjaligi muhandisi ixtisosligi boʻyicha bitirib, Yakkabogʻ oʻrmon xoʻjaligida oʻrmonchi muhandis boʻlib ishlagan. 1969-1972-yillari Oʻrta Osiyo Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti aspiranturasida tahsil oldi. 1973-1979-yillarda shu institutda kichik ilmiy xodim vazifasida ishladi. 1978-yili, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori A.I.Molchanovaning ilmiy rahbarligida Rossiyaning Volgograd shahridagi Butunittifoq agrooʻrmonmelioratsiya ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi ixtisoslashgan kengashda “Sugʻorish tizimlarida ixotazorlar barpo qilish uchun tuproqqa ishlov berish uslublari» mavzusi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1979-1985-yillarda Oʻrta Osiyo Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutida katta ilmiy xodim, 1985-1990 yillarda shu institutning ilmiy ishlar boʻyicha rahbar oʻrinbosari, 1990-2000-yillarda institut direktori, 2000-2004-yillari institut direktorining birinchi oʻrinbosari vazifalarida ishladi. 1995-yilda “Sug‘oriladigan yerlarda о‘rmon agrar landshaftining ekologik va meliorativ asoslari» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi ixtisoslashgan kengashda muvaffaqiyatli himoya qildi. 2002-yildan 2012-yilgacha Toshkent davlat agrar universiteti “Oʻrmonchilik” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat kоʼrsatdi.
Ilmiy-pedagogik faoliyati davrida olimning 300 ga yaqin ilmiy, oʻquv-uslubiy ishlari nashr etilgan: 7 ta monografiya, 4 ta risola, 7 ta darslik, 8 ta Oʻquv qoʻllanma, 8 ta Oʻquv-uslubiy qо‘llanmalar, 8 ta tavsiyanoma hamda mamlakatimizda va xorijda chop etilgan bir qancha ilmiy maqolalar shular jumlasidandir. Ishlab chiqilgan tavsiyalar mamlakatimizda ixotazorlar barpo qilishda va “Oʻrmon loyiha”, “Giprozem” institutlari orqali loyihalash ishlarida katta maydonlarda tadbiq etilgan. A.Kayimov tashabbuskorligi va rahbarligida kafedra bilan Qozogʻiston va Qirgʻiziston agrar universitetlari Oʻrmonchilik kafedralari bilan, shuningdek, Xalqaro Oʻsimliklar genetik resurslari instituti (Italiya), Ukraina va Belorussiya Oʻrmonchilik ilmiy tadqiqot institutlari, Butun Rossiya agroо‘rmonmelioratsiya ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtalarida ilmiy hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. Sо‘ngi besh yil ichida 14 ta xalqaro va 12 ta respublika miqyosidagi oʻtkazilgan simpozium va konferensiyalarda, shu jumladan: Avstriya, Italiya, Iordaniya, Bolgariya, Xitoy, Hindiston, Nepal, Tailand, Polsha, Qozogʻiston, Rossiya, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina va Belorussiya davlatlarida ilmiy maʼruzalar bilan qatnashgan. A.Kayimov Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi dissertatsiya himoya qilish bо‘yicha ixtisoslashgan kengashi aʼzosi, Markaziy Osiyoda Oʻrmon genetik resurslarini saqlash ishchi guruhi rahbari sifatida faol ishtirok etadi.
KAYIMOV ABDIXALIL