KAVKAZ GRABI

KAVKAZ GRABI (Carpinus caucasica Gross.) bo‘yi 25-30 m, diametri 1 metrli daraxt. Tanasi sershox, keng shox-shabbali. Bu daraxt urug‘idan ko‘payadi. O‘q va yon ildizlar chiqaradi. Kavkaz grabi tog‘li rayonlarda dengiz sathidan 2000 m gacha baland bo‘lgan yerlarda o‘sadi. Soyasevar, qattiq sovuqqa chidamsiz daraxt. Unumdor yerlarda yaxshi o‘sadi. Asosan o‘rmon–dasht zonasida, o‘rmon zonasida o‘sadi. Quruq va botqoq tuproqlarda o‘sa olmaydi. Kavkaz va Qrimdagi o‘rmonli rayonlarda tarqalgan. Kichik Osiyoda, Eronda va Turkiyada ham uchraydi. U Ukrainada va Markaziy Osiyo respublikalarida qisman ekiladi. Turli kasalliklarga, hasharotlar ta’siriga chidamli. Nihoyatda chiroyli daraxt. Kavkaz grabi shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish va ihota o‘rmonlar barpo etishda tavsiya qilinadi. Manba: Dendrologiya. 2012.