GIGROFITLAR

GIGROFITLAR (gigro va… fit) – sernam joylarda o‘sadigan o‘simliklar. Suvni tejab sarflashga imkon beradigan moslamalari bo‘lmasligi bilan kserofitlarga farq qiladi. Ular kutikulasi orqali juda ko‘p suvni bug‘latadi. Poyalari uzun, mexanik to‘qimalari deyarli rivojlanmagan. Ildizi kuchsiz rivojlanganligi tufayli, hatto suvning qisman yetishmasligi ham ularning so‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. Daryo va ko‘l bo‘ylarida o‘sadigan qamish kabi o‘simliklar gigrofitlarga misol bo‘la oladi. Bu guruhga kiruvchi o‘simliklar sernam yerlarni tanlaydi, qurg‘oqchilikka chidamsiz bo‘ladi. Sernam joylarda o‘sishga moslashgan o‘simliklar bargi, poyasi va ildizida hujayra oraliq sistemasi va havo bo‘shliqlari mavjud bo‘lib, ular orqali o‘simliklar zarur hollarda kislorod olib turadi. Sernam yerlarda o‘suvchi o‘simliklar aeratsiya jarayoni qiyinligidan shu kabi oziqlanishga moslashgan. Qora qandag‘och, kulrang tol va boshqa botqoq yerlarda o‘suvchi daraxt va butalar shular jumlasidandir. Manba: Dendrologiya. 2012.