GILOS

GILOS (Cerasus avium L.) — ra’noguldoshlar (atirgullilar oilasi)ga mansub danakli mevali daraxt. Yovvoyi holda O‘rta va Janubiy Yevropa, Eron, Kavkaz, Ukraina, Moldoviyada uchraydi. Yevropa mamlakatlari, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Xitoy, Yaponiya, Ukrainaning janubi, Kavkaz, Boltiqbo‘yi va Markaziy Osiyoda ekiladi. Gilos daraxtining bo‘yi 10-15 m (ba’zan 30 m gacha boradi), shoxlari qalin, yoyilib o‘sadi. Gilos unumdor, nam, mo‘tadil yerlarda yaxshi o‘sadi, yorug‘lik va issiqlikka talabchan. Ko‘chati ekilgandan keyin 4-5 yilda hosilga kiradi. Daraxti 100 yilgacha yashaydi, tupi 150-300 kg hosil beradi. Asosan mart-aprelda gullaydi, may-iyun oylarida pishadi. Yozi issiq hududlarda yaxshi o‘smaydi. Namga talabchan. Asosan magellab olchasi yoki yovvoyi olchaga payvandlab ko‘paytiriladi. Gilos uchun ayniqsa yelim oqish kasalligi g‘oyat xavfli. Erta bahor va yozda insektitsidlar va fungitsidlarning biron turi bilan 2-3 marta ishlov beriladi. Navlari. Gilosning 100 ga yaqin navi ma’lum. O‘zbekistonda Gilosning Savri surxoni, Qora gilos, Sariq gilos, Bahor, Revershon, Sariq drogana, Chkalov navlari ko‘p ekiladi. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi».  2000.

English

CHERRY

Русский

ВИШНЯ

Deutsch

KIRSCHE