DO‘LANA (Crataegus) - daraxt va buta o‘simliklaridir. Daraxtlarning bo‘yi 10-15 m ga, butalarining bo‘yi esa 0,5-4 m gacha yetadi. Xitoyda o‘sadigan turlarining mazasi olmaga o‘xshaydi. Mevasining uchida quruq kosabargchalari saqlanib qoladi. Urug‘i 1-5 tagacha va har xil shaklda bo‘ladi. Mevasi kuzda yetiladi, kuzgi birinchi sovuqqacha daraxtda saqlanadi. Do‘lana urug‘idan ko‘payadi. Urug‘ini sepishdan oldin stratifikatsiya qilish, ya’ni unga ishlov berish zarur. Ildiz bachkisidan va parxish yo‘li bilan ham ko‘payadi. Uning yog‘ochi qattiq, pishiq, qizg‘ish rangda bo‘lib, undan turli asboblar yasaladi. Do‘lana yashil to‘siq va joylarni ko‘kalamzorlashtirish uchun ekiladi. Payvandtag sifatida undan foydalanish mumkin. Unga olma, nok, behi payvand qilish mumkin. Do‘lana turkumida 700 dan ortiq tur bo‘lib, ularning ko‘pchiligi Shimoliy Amerikada tarqalgan. MDH da 50 turi uchraydi. Introduksiyalashtirish natijasida Toshkent Botanika bog‘ida do‘lananing 92 turidan iborat kolleksiyasi vujudga keltirildi. Ularning ko‘pi Shimoliy Amerikadan keltirilgan.
DO'LANA