BIGIZSIMON OQTIKAN

BIGIZSIMON OQTIKAN (Acanthophyllum albidum Schischk.) Farg‘ona vodiysi adirlarida saqlanib qolgan juda kamyob endemik o‘simlik. Balandligi 30 sm ga yetadigan, yog‘ochlanuvchi yarim buta. Farg‘ona, Namangan viloyatlari, Farg‘ona vodiysida dengiz sathidan 500-800 m balandlikda tarqalgan. Toshli va mayda zarra jins tuproqli adirlarda o‘sadi. Pop adirlari (Chodaksoy havzasi) da yakka-yakka holda tarqalgan, 10 m² da o‘rtacha 3-4 tupi o‘sadi. Urug‘idan ko‘payadi. Oqtikan o‘sib turgan yerlarning qishloq xo‘jalik ekinlari (g‘alla va boshqalar) uchun o‘zlashtirilishi arealining qisqarib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu tur O‘zR FA Botanika bog‘ida madaniy sharoitda ekib o‘stirilgan. Urug‘ining unib chiqishi 1 foizdan kam ekanligi aniqlangan. Mavjud tuplari qat’iy nazorat ostiga olinishi kerak. Manba: O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi. 2016.