BELOLIPOV IGOR VLADIMIROVICH

BELOLIPOV IGOR VLADIMIROVICH 1938-yil 20-fevral kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. 1946-1956-yillarda Toshkentdagi 98-maktabda oʻqigan. 1956‒1961-yilda Toshkent qishloq xoʻjalik institutining oʻrmon xoʻjaligi fakultetida tahsil olgan. U mehnat faoliyatini 1961-1962-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademik Fyodor Nikolayevich Rusanov nomidagi Toshkent botanika bogʻining katta laboranti vazifasidan boshlagan. 2023-yilgacha Toshkent davlat agrar universiteti qishloq xo‘jaligida ekologik xavfsizlik va botanika kafedrasining professori vazifasida faoliyat olib bordi.
1967-yilda “Биология и экологии интродутцированые видов рода RHUS условиях Ташкентского ОАЗСА” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, biologiya fanlari nomzodi, 1983-yilda „Oʻrta Osiyo florasidagi oʻtli oʻsimliklar introduksiyasi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 
Igor Belolipov Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan burchoqdoshlar oilasi, astragal turkumiga kiruvchi gulli oʻsimlik turini, ya’ni Sankt-Peterburglik mashhur olim professor R.V. Kamelin bilan birgalikda astragal turkumining yangi turini topdi va bu turni Astragal belolipovi Kamelin Sp.nova. deb nomladi.
Igor Belolipovning asosiy ilmiy izlanishlari O‘zbekiston tabiiy florasida noyob va yo‘qolib borayotgan o‘simlik turlarini saqlab qolishga bag‘ishlangan bo‘lib, olim ilk bor O‘zbekiston sharoitida yovvoyi holatda o‘suvchi 12 ta asosiy o‘simlik tiplarining introduksion xususiyatlarini o‘rgandi. 
2008-yili I.V. Belolipov Angliya, AQSh va Qirg‘izistonlik olimlar bilan hamkorlikda CRS Press Taylor@Francis Group nashriyoti tomonidan (Angliya) chop etilgan "Phyto chenicals; Aqing and Helth" kitobining 4-bobini yozdi. 2012-yili esa tibbiyot fanlari doktori A.G. Kurmukov bilan hamkorlikda “Дикорастущие лекарственные растения Узбекистана” (botanika, kimyo, farmakognoziya, medisina) monografiyasini nashr ettirdi. U AQSh va Qirg‘izistonlik olimlar bilan birgalikda 2013-yilda yozgan “Medical Plants of Central Asian: Uzbekistan and Kirghizstan” kitobi Germaniyada ingliz tilida chop etilgan («Shpringer» nashriyoti, 410 b.).
I.V. Belolipov AQSh, Angliya davlatlaridagi olimlar bilan hamkorlikda olib borgan tadqiqotlari Jahon botanika faniga ulkan hissa qo‘shdi. U 1977-yilda “SSSR Apollon” Xalqaro Sovet Amerika botaniklar ekspedisiyasi tarkibida Kolorado, Bayoming, Yuta, Nyu Meksika shtatlaridagi Shimoliy Amerika florasini o‘rganish bo‘yicha O‘rta Osiyodan vakil sifatida qatnashdi. Shuningdek, 1983-yilda Buyuk Britaniyaning Qirollik Jamiyati taklifiga asosan Angliya va Shotlandiyaning Botanika bog‘laridagi o‘simliklarni ko‘paytirish va iqlimlashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Igor Belolipov 1992-yilda Angliya, Yangi Zelandiya va boshqa davlatlar uchun fermerlar tayyorlaydigan “Glostershir” bog‘dorchilik, qishloq xo‘jaligi kollejidagi o‘quv jarayonini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqarishda muataxassis sifatida qatnashdi. 1995-1999-yillarda Oksford universitetining O‘simliklar to‘g‘risidagi bo‘limi tashabbusi va taklifiga binoan Liverpul, Kembridj, Redding universitetlarida ma’ruzalar qildi. 2003-2006-yillar davomida Markaziy Osiyo bioxilma-xilligini o‘rganish va ulardan yangi farmasevtik vositalar yaratish bo‘yicha Xalqaro loyiha-ІSVЈ da ilmiy ishlarga koordinatorlik qildi.
Igor Belolipov 350 ta ilmiy ishlar, jumladan 3 ta darslik, 15 ta oʻquv qoʻllanma, 30 ta uslubiy qoʻllanma, 6 uslubiy tavsiya, 4 ta monografiya muallifi. U ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi” (1984, 1998, 2009 y.), “O‘simliklar ekologiyasi va geografiyasi” (1987), “O‘rta Osiyo tabiiy florasi o‘t o‘simliklarining introduksiyasi” (1989), “Растительный мир Узбекистана” (1997), “Морфология растений Средней Азии” (1991), “O‘simliklar morfologiyasi” (2007), “Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi” (2012), Qishloq xo‘jaligi kasb-xunar kollejlari uchun “Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi” (2012), “Medical Plants of Central Asian: Uzbekistan and Kirghizstan” (2013), “Botanikadan laboratoriya mashg‘ulotlari” (2014), “Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi” (2018) kabi nodir asarlar nashr ettirdi.
Igor Belolipov 1999-yilda „Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlimi aʼlochisi“ koʻkrak nishoni, 2002-yil 26-avgustda „Doʻstlik“ ordeni, 2017-yil 7-dekabrda „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan taqdirlandi.