APЕLSIN, PO'RTAXOL

APЕLSIN, PO‘RTAXOL    (Citrus sinensis — gollandcha appelsien — aynan Xitoy olmasi) — rutadoshlar (apelsingullilar oilasi)ning sitruslar turkumiga mansub doim yashil daraxt va buta. Vatani — Birma va Janubiy-G‘arbiy Xitoy. Yovvoyi holda uchramaydi. Tropik va subtropik mamlakatlarda qadimdan madaniylashtirilgan (Xitoyda 2 ming yildan beri, Janubiy Yevropada XV-asrdan, Kavkazning Qora dengiz bo‘ylarida XI-asrdan). Apelsin ho‘l meva holida iste’mol qilinadi. Undan sharbat, kompot, qiyom va murabbo tayyorlanadi, po‘stidan olinadigan moy atir-upa va konditer sanoatida qo‘llaniladi. Apelsinning 300 ga yaqin navi bor. Vashington navel, Silliqpo‘st, Korolyok 100 va boshqa navlari ko‘p ekiladi. Eqilgandan so‘ng 3 — 4 yilda hosilga kiradi. Issiqsevar va namsevar. Qulay sharoitlarda 75 yildan ortiq yashaydi va hosil beradi. Apelsin AQSH, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Turkiyada hamda Gruziyaning g‘arbida ko‘p yetishtiriladi. O‘zbekiston va Tojikistonda usti yopiladigan maxsus uzun o‘ra (transheya)larda, issiqxonalarda o‘stiriladi. Manba: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2000.

English

ORANGE

Русский

АПЕЛЬСИН

Deutsch

APFELSINE