ARCHAZOR

ARCHAZOR — asosan, archa daraxtidan tashkil topgan o‘rmonlar. Archazorlar 600 — 700 yil (ayrimlari 2000 yilgacha) yashaydi, tog‘larda suv to‘plash, tuproq eroziyasi oldini olish, sel toshqinlarini bartaraf etish kabi muhim vazifalarni bajaradi. Asosan Yer yuzining Shimoliy yarim sharidagi tog‘li hududlarda — O‘rta Amerika, Osiyo va Afrikada o‘sadi. Markaziy Osiyo, Qrim, Oltoy Sayan, Uzoq Sharqdagi tog‘larda 700 ming ga maydonni egallaydi, uning 665 ming ga dan ko‘prog‘i (93,5%) Markaziy Osiyo davlatlarida joylashgan. O‘zbekiston tabiiy archa o‘rmon fondi hisobida 304344 ga archazor bor. O‘zbekistonda asosan, Tyanshan, Turkiston, Chotqol, Hisor tog‘larida katta-katta archazorlar mavjud. Archazor 800 — 3100 m balandlikda tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan va uch mintaqaga bo‘linadi: tog‘larning pastki qismida (800—2000 m balandlikda) qora archa yoki Zarafshon archasi, o‘rta qismida (1400—2500 m) savur archa, yuqori qismida (2500 — 3500 m) o‘rik archa yoki Turkiston archasi o‘sadi. Tog‘larning eng yuqori qismidagi archalar siyrak, bo‘yi past, tanasi qiyshiq, sershox bo‘lib, ko‘pincha yer bag‘irlab o‘sadi. Eng yaxshi archazor unumdor, sernam, tuproqli, yassi tog‘ yonbag‘irlarida uchraydi va ularning yillik fitomahsuldorligi 220 t/ ga ni tashkil etadi. XX asrning 50-yillaridan boshlab O‘zbekistonda archazorlarni tabiiy ravishda qayta tiklash va ekma archazorni barpo qilish ishlari boshlandi va Markaziy Osiyo (hoz. O‘zbekiston) O‘rmonchilik ilmiy tadqiqot institutida uning ilmiy asoslari ishlab chiqildi (U.N. Nig‘matov, Ye.V. Mixaylova, V.M. Saxatskiy, Yo.Yu. Musayev). Manba: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2000.

Prev Article

ARCHA ZLATKASI

Next Article

AREKA PALMASI