ANTRAKNOZLAR

Antraknozlar (yun. anthrax – ko‘mir, nosos – kasallik) – o‘simliklarning poya, barg va mevalarida Gloeosporium, Colletotrichum va Kabatilla urug‘lariga mansub parazit zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kasallik. Antraknoz kasalligi asosan donli, mevali, poliz ekinlari, beda, no‘xat, behi, olma, tok, anjir, yong‘oq, qovun, tarvuz, uzum, smorodina, malina, bodom, zig‘ir, sitrus o‘simliklar, choy va b.larda uchraydi. O‘simlikning deyarli barcha organlari – barg, meva, novda, ildiz qismlarini zararlaydi. Barg va tugunchalar to‘kilib ketadi, meva sifati keskin pasayadi. Antraknoz bilan kasallangan bargda qoramtir hoshiyali to‘garak qo‘ng‘ir dog‘lar paydo bo‘ladi, novda va mevada paydo bo‘lgan dog‘ usti botiq, pushtisimon g‘ubor bilan qoplanadi, keyinchalik yoriladi, yara hosil qiladi, novdalarning yog‘ochligi yemiriladi. Kurash choralari: o‘simlikning kuchli zararlangan qismlari olib tashlanib yoqiladi; temir kuporosining 2–3% li eritmasi, 3% li bordo suyuqligi purkaladi. Manba: Qishloq xo‘jaligiga oid atamalarning izohli lug‘ati. 2023.

Prev Article

ANTIPKA SHUMURTI

Next Article

ANTROPOFITLAR