ANAEROBLAR

ANAEROBLAR — erkin kislorod bo‘lmaydigan sharoitda yashash va rivojlanish qobiliyatiga ega bo‘lgan organizmlar. Anaeroblar terminini 1861 yilda yog‘ kislotali bakterial bijg‘ishni ixtiro qilgan L. Paster taklif etgan. Anaeroblar asosan prokariot organizmlar orasida keng tarqalgan. Eukariotlardan achitqilar hamda hayvonlar organizmida parazitlik qiladigan, ya’ni ikkilamchi tarzda kislorodsiz muhitda yashashga moslashgan, bir hujayralilar haqiqiy anaeroblar hisoblanadi. Ko‘p hujayrali anaeroblar anaerobioz hayvonlarning ichagi va tana bo‘shlig‘i hamda to‘qimalarida parazitlik qiladigan yassi to‘garak chuvalchanglar orasida uchraydi. Anaeroblar muhitdagi kislorod aerob organizmlar tomonidan batamom o‘zlashtiriladigan sharoitda (suv tubidagi balchiqda, ifloslangan oqova suvlarda) rivojlanadi. Anaeroblardan mikrobiologiya sanoatida spirtlar va organik kislotalari ishlab chiqariladi, oqova suvlarni tozalashda keng foydalaniladi. Ayrim anaeroblar og‘ir infeksion kasalliklar (qoqshol, gazli gangrena va b.) ni keltirib chiqaradi. Haqiqiy anaeroblar bilan birga ayrim umurtqasizlar orasida kislorod tanqisligiga vaqtincha moslashgan turlari ham bor. Ayrim obligat anaeroblar kislorodga juda sezgir bo‘lganidan kislorodli muhitda juda tez halok bo‘ladi. Issiq suvli havzalardan va suvning chuqur qatlamlaridan topilgan anaerob Yer yuzida paydo bo‘lgan eng qadimgi organizmlar bo‘lishi mumkin. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.

English

ANAEROBES

Русский

АНАЭРОБЫ

Deutsch

ANAEROBIER

Prev Article

ANAEROBIOZ

Next Article

ANANAS