ANABIOZ (yun. anabiosis — tiriltirish, hayotga qaytarish) — organizmning hayot jarayonlari (moddalar almashinuvi va b.) juda sekinlashgan, ya’ni uning tirikligi sezilmaydigan darajaga o‘tgan, qurigan holati. Anabiozni birinchi marta 1701 yilda golland biologi Anabioz Levenguk hasharotlarda aniqlagan. Anabioz organizmlar rivojlanishining turli bosqichlarida yashash sharoitining keskin yomonlashishi (past harorat, qurg‘oqchilik) tufayli sodir bo‘lishi mumkin. Anabioz evolyutsiya davomida organizmning noqulay tashqi muhit sharoitiga moslashuvidan iborat. Anabioz ko‘pchilik organizmlarning rivojlanishi jarayonida normal holat hisoblanadi. Macalan, bakteriyalar va zamburug‘larning sporasi, o‘simliklarning urug‘i, bir hujayrali hayvonlarning sistasi ancha uzoq muddat davomida tiriklik xususiyatini saqlab qolib, qulay sharoit tug‘ilganida hayot faoliyatini qaytadan boshlaydi. Lekin anabioz moddalar almashinuvining keskin pasayganligi bilan karaxtlik va qishki uyqudan farq qiladi. Anabioz hodisasidan tirik quruq vaksinalar tayyorlashda, to‘qima va organlarni konservatsiya qilishda keng foydalaniladi. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.
English
Русский
Deutsch
Prev Article