ALLYUVIY (lot. alluvio — oqiziq) , allyuvial yotqiziqlar — oqar suvlar (daryo, irmoq va b.) bilan oqib kelib to‘plangan yotqiziqlar. Allyuviy daryolarning o‘zani, qayir qismi va vodiydagi terrasalarni hosil qiladi va ko‘pgina kontinental cho‘kindi formatsiyalarning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Allyuvial yotqiziqlar qalinligi suv oqimining katta-kichikligiga bog‘liq; katta tekisliklardagi allyuviyning qalinligi 10—20 metrga, kengligi esa bir necha 10 km gacha boradi. Bu yotqiziqlar yuqori unumdor har xil tuproqlar (o‘tloqi, o‘tloqi-botqoq va botqoq) uchun ona jins bo‘lib xizmat qiladi. Allyuvial yotqiziqlardan tashkil topgan hududlardan qishloq xo‘jaligida keng foydalaniladi. Qum-qumoqli va shag‘alli allyuviydagi tuproqlarda o‘rmon daraxtlari o‘stirish va bog‘dorchilikni rivojlantirish, qumoq cho‘kindili qayir va allyuvial terrasalarda esa g‘o‘za, sabzavot hamda yem-xashak ekinlarini yetishtirish mumkin. Allyuvial yotqiziqlardagi tuproqlar unumdor bo‘lishiga qaramay o‘g‘itlarga, ayniqsa, kaliyli o‘g‘itlarga juda talabchan. Manba: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi». 2000.
English
Русский
Deutsch
Prev Article