ABDUSHUKUR XUDOYQULOVICH XAMZAYEV

ABDUSHUKUR XUDOYQULOVICH XAMZAYEV 1973-yil 10-dekabrda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tugʻilgan. 1995-yil Samarqand qishloq xoʻjalik institutini, 2013-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasini tamomlagan. Qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor. 
2022 – yildan O’zbekiston ekologik partiyasi Markasiy kengashi ijroiya qoʻmitasining raisi lavozimida ishlab kelmoqda. Bungacha, yaʼni 2017/2022-yillarda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi rais oʻrinbosari-Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti direktori lavozimida faoliyat koʻrsatgan (2017-y., 17-iyuldagi PQ-3085).
Jami ilmiy-pedagogik faoliyati 28 yil.
A.X.Xamzayev qishloq, oʻrmon va ekologiya sohasida xalqaro tajribalarga ega boʻlib, uning tashabbusi bilan 2017-2024 yillarda “KOISA”, “TIKA”, “JAYKA”, “OYO” “UEFRO”, “NiFOs”, “APAFRI” kabi xalqaro tashkilotlar hamda Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Isroil, Turkiya, Germaniya, Bolgariya, Rossiya kabi davlatlarda malaka oshirgan. Uning tashabbusi bilan bugungi kunda sohaga oid 10 dan ziyod xorijiy oʻquv va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorliklar yoʻlga qoʻyilgan va sohaga oid 4 marta xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazilgan.
Uning faoliyati davrida 2017-yilga nisbatan urugʻ tayyorlash va tahlildan oʻtkazish hajmi 4,7 barobarga oʻsgan. Oʻrmon fondi yerlarida yangi ihota oʻrmonlarini barpo etish uchun 2020-yilda Buxoro va Navoiy viloyatida 239,0 tonna, Nukus oʻrmon urugʻchilik laboratoriyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida 1387,3 tonna, Qashqadaryo oʻrmon urugʻchilik laboratoriyasi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida131,2 tonna, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 84,6 tonna, Fargʻona viloyatida 107,7 tonna hamda Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida 55,2 tonna oʻrmon va dorivor oʻsimliklarning urugʻlari tayyorlanib, laboratoriyalarda sinovdan oʻtkazilgan.
A.X.Xamzayev boshchiligida Respublikada terakning dunyo seleksiyasiga mansub 80 dan ortiq duragay navlari oʻrganilgan va eng yaxshilaridan Dehqonobod, Pop, Kitob, Sirdaryo, Darxon oʻrmon xoʻjaliklarida onalik plantatsiyalari barpo etilgan. Respublika oʻrmon xoʻjaliklarida sanoatbop yogʻoch yetishtirish maqsadida Pavlovniyaning “Tomentoza” “Shangton” kabi turlarining 2,7 mln tupdan ortiq koʻchatlari yetishtirilgan. Yongʻoqmevali oʻrmon plantatsiyalarini tashkil etish topshirigʻiga asosan 2017 yilda 2,8 ming gektarda, 2018-yilda 8,7 ming gektarda, 2019-yilda 10,6 ming gektarda va 2020-yilda esa 9,0 ming gektar maydonda yongʻoqmevali plantatsiyalar tashkil etilgan. Uning tashabbusi bilan 2020-yilda Oʻrmon xoʻjaligi sohasida juda qimmatli ilmiy manbalarga ega (10 mingdan ortiq) yangi kutubxona tashkil etilgan.
A.X.Xamzayev jamoatchilik asosida O'zR OAKda ekspert kengashi raisi, Innovatsion rivojlanish agentligida huzuridagi ilmiy texnik kengash raisi sifatida ham mamlakatimizda har yili minglab ilmiy- pedagogik kadrlarni tayyorlashda katta hissa qoʻshib kelmoqda. A.X.Xamzayev 300 dan ortiq ilmiy ishlar, Shundan, 28 ta oʻquv-uslubiy ishlar, 30 ta ilmiy tavsiyalar va 9 ta monografiyalar nashr ettirgan. Shuningdek, 18 ta qishloq xoʻjalik ekin (2 ta tarvuz, 1 ta kartoshka, 13 ta pista, 2 ta batat) navlari va 16 ta ixtiro muallifi hisoblanadi. A.X.Xamzayev qonun ijodkorligi jarayonida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi, “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi Qonunlarni hamda oʻrmonchilik, ekologiyaga oid 50 ga yaqin qonunosti hujjatlarini tayyorlashda bevosita ishtirok etgan.
A.X.Xamzayev Mustaqillikning 25 yilligi, 30 yilligi munosabati bilan “Oʻrmon fidoyisi”, “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan. 

Next Article

ABIOGEN LANDSHAFT